Aprel oyida real valyuta kursi qanday o‘zgardi?
Real valyuta kursi qadrsizlanishda davom etmoqda
Aprel oyida real samarali almashinuv kursi indeksi 117.1 ni, oltinsiz indeks esa 124,7 ni tashkil etdi. Shuningdek, nominal samarali kurs 73,7 gacha pasaydi. Real valyuta kursi indeksi sentyabr oyidagi holatiga qaytgan (sentyabr oyida indeks 116,5 edi).
O‘tgan oyga nisbatan real samarali almashinuv kursi 1,8 foizga, oltinsiz indeks esa 0,2 foizga qadrsizlangan. Real kursning qadrsizlanishi so‘mning asosiy savdo hamkorlarimiz valyutalaridan biriga (rubl) nisbatan qadrsizlanishda davom etishi, shuningdek, frankka nisbatan yuqori qadrsizlanganligi bilan izohlanadi. Yuqori oltin eksporti hisobiga Shveysariya bilan savdoning tashqi savdodagi ulushi sezilarli darajada yuqori shu sababli, frank-so‘m juftligidagi kichik o‘zgarish ham real kursga sezilarli ta’sir qilishi mumkin. Xususan, aprel oyida so‘m frankka nisbatan 5,6 foizga qadrsizlandi. Ayni shu sabab oltinsiz real kurs indeksi va umumiy indeks qadrsizlanishi orasida jiddiy farq yuzaga kelgan. Oltinsiz indeks qadrsizlanishiga ta’sir qilgan asosiy omillar so‘mning rublga nisbatan oy davomida 3,3 foizga hamda Yevroga nisbatan 3,9 foizga qadrsizlanganligi bo‘lgan.
Boshqa asosiy hamkorlarimiz valyutalariga nisbatan so‘m aprel oyida mustahkamlangan. Xususan, oy davomida so‘m tengega nisbatan 3,1 foizga, liraga nisbatan 2,8 foizga hamda yuanga nisbatan 0,5 foizga mustahkamlangan.