Fevral oyida Real samarali almashinuv kursi qanday o'zgardi?
Real kurs so'nggi 6 oyda birinchi marta qadrsizlangan
Fevral oyida real samarali almashinuv kursining indeksi 120,2 ni (oltinsiz indeks esa 125,8 ni) tashkil etgan. Nominal samarali almashinuv kurs indeksi esa 77,1 ni tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 11,1 foizga qadrsizlangan.
Real samarali kurs fevral oyida 3,4 foizga (oltinsiz indeks 3 foizga) qadrsizlangan. Ta’kidlash kerakki real kursning qadrsizlanishi so‘nggi 6 oyda birinchi marta kuzatilmoqda.
Real kursning qadrsizlanishi asosiy hamkorlarimiz valyutalariga nisbatan nominal kursning yuqori qadrsizlanganligi bilan izohlanadi. Xususan, fevral oyida so‘m asosiy hamkorlarimiz valyutalaridan rublga nisbatan 9,4 foizga, tengega nisbatan 3,5 foizga, yuanga nisbatan 0,4 foizga qadrsizlangan. Shuningdek, fevral oyida Shvetsariya frankiga nisbatan so‘m 0,5 foizga qadrini yo‘qotgan. Oy davomida 1,7 mlrd dollar (tashqi savdo aylanmasining 27 foizi) miqdorda oltin sotilganligi hisobga olinsa, so‘mning frankka nisbatan qadrsizlanganligi real samarali almashinuv kurs o‘zgarishiga jiddiy ta’sir o‘tkazuvchi omil bo‘lgan. Oltinsiz indeks qadrsizlanishining umumiy REERga nisbatan 0,4 foiz bandga pastroq shakllanganligi ham ayni oltin bo‘yicha hamkorimiz valyutasi mustahkamlanganligining samarali kursga ta’sirini ko‘rsatadi.
Asosiy savdo hamkorlarimiz valyutalarining mustahkamlanishi Rossiya-AQSh munosabatlaridagi keskin burilish bilan izohlanadi. Xususan, oy davomida Rubl Dollarga nisbatan 7,6 foizga mustahkamlandi. Rublning dollarga nisbatan mustahkamlanishi Rossiyaga savdo hamda pul o‘tkazmalarida kuchli bog‘langan davlatlar valyutalarining ham dollarga nisbatan barqarorlashishiga olib keldi. Xususan, Tengi fevral oyida dollarga nisbatan 3,5 foizga mustahkamlangan bo‘lsa, So‘m nisbatan barqaror (0,03 foizga mustahkamlangan) saqlanib qolgan.
So‘mning asosiy savdo hamkorlarimiz valyutalariga nisbatan qadrsizlanishi mart oyida ham davom etmoqda. Bu esa boshqa omillarda (inflyatsiya va savdo) keskin o‘zgarish bo‘lmaganda real samarali kursning qadrsizlanishiga olib keladi.
Real kursning qadrsizlanishi o‘z navbatida iste’molda import ulushi yuqori bo‘lgan mamlakatimiz uchun inflyatsiya darasini kelayotgan oylarda tezlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
P.S real samarali kurs bo’yicha hisob-kitoblar shaxsiy bo’lib rasmiy ma’lumotni ifoda etmaydi.