Mart oyida real valyuta kursi qanday o‘zgardi?
Real valyuta kursi ketma-ket ikki oydan buyon qadrsizlanmoqda
Mart oyida real samarali almashinuv kursi indeksi 119,2 ni, (oltinsiz indeks 125) nominal samarali almashinuv kursi indeksi esa 75,2 ni tashkil etdi.
Oldingi oy bilan taqqoslaganda, real samarali almashinuv kursi indeksi 0,8 foizga, oltinsiz indeks esa 0,7 foizga qadrsizlandi. Shuningdek, nominal indeks 2,5 foizga qadrsizlangan.
Real valyuta kursining qadrsizlanishi so‘mning asosiy savdo hamkorlar valyutalariga nisbatan qadrsizlanishda davom etayotganligi bilan izohlanadi. Xususan, mart oyida so‘mning o‘rtacha kursi rublga nisbatan 6,8 foizga, tengega nisbatan 1,3 foizga, yuanga nisbatan 0,1 foizga qadrsizlangan. Liraga nisbatan esa 2,7 foizga mustahkamlangan.
Real valyuta kursi ketma-ket ikki oydan buyon qadrsizlanmoqda. Bunda, Rossiya-AQSh munosabatlaridagi burilish muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, Fevral oyidan buyon rubl deyarli barcha valyutalarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Xususan, fevral oyida rubl dollarga nisbatan 7,6 foizga, mart oyida 7,2 foiz mustahkamlangan. Rublning dollarga nisbatan mustahkamlanishi o‘z navbatida mintaqadagi boshqa davlatlar valyutalarining ham dollarga nisbatan mustahkamlanishi yoki barqarorlashishiga olib keldi. Lekin mintaqadagi barcha valyutalar rublga nisbatan jiddiy qadrsizlandi. Bu tendensiya so‘mni ham chetlab o‘tmadi. Xususan, so‘m rublga nisbatan fevral oyida 9,4 foizga qadrsizlangan edi. Mart oyida rublga nisbatan qadrsizlanish biroz pasaygan bo‘lsa-da, nisbatan yuqori saqlanib qolgan.
Real kursning qadrsizlanishi bir tomondan eksportyorlar uchun qulayroq shart sharoitlar yaratsa, boshqa tomondan import tovarlari narxining o‘sishi evaziga inflyatsiyani oshiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Jumladan, mart oyida Rossiyaga oylik eksport 48 foizga o‘sgan. So‘m esa aynan rublga nisbatan eng yuqori qadrsizlangan edi, ya’ni valyuta kursining qadrsizlanayotganligi Rossiyaga eksportning yuqori o‘sishiga zamin yaratayotgan bo‘lishi mumkin (oldingi yildagi past baza effektining ham ta’siri bor).